TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Ichki ishlar xodimlari o‘g‘irlik bilan shug‘ullangan maktab o‘quvchilarini qo‘lga oldi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishcha, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 5-mart kuni noma’lum shaxslar Muqimiy ko‘chasida yashovchi, 1972-yilda tug‘ilgan Sh. Mamatqulovaning uyiga kalit tanlash yo‘li bilan kirib, xonasidan pullarini o‘g‘irlab ketganlar.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Jomboy tumani Guliston mahallasi Paxtakor ko‘chasi 11-uyda yashovchi, Samarqandagi kollej o‘quvchisi, 2000-yilda tug‘ilgan Z.Yaxshiboyev, va A.Qurbonov mahallasi Beruniy ko‘chasi 4-uyda yashovchi, kollej o‘quvchisi, 1999-yilda tug‘ilgan F.Ma’rufovlar sodir etganliklari aniqlanib qo‘lga olingan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 2018-yil 27-fevral kunida noma’lum shaxs Tinchlik ko‘chasida yashovchi, D.Rasulovaning uyiga kalit tanlash yo‘li bilan kirib, xonasidagi seyfidan pullari va turli xildagi zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Yakkabog‘ tumanida yashovchi, maktab o‘quvchisi, O.H sodir etganligi aniqlanib ushlangan.