TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirildi hamda o‘z bayrog‘i va gerbiga ega bo‘ldi.
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘i barqarorlik, matonat, sodiqlik, fidoiylik va mardlikni ifoda etuvchi to‘q ko‘k rangli to‘g‘ri burchakli mato ko‘rinishiga ega", — deyiladi hujjatda.
Bayroq markazida geraldik belgi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining emblemasi tasvirlangan.
Bayroqning uzunligi — 250 sm., eni — 125 sm.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati emblemasi to‘q ko‘k rangli aylana tasmasi bo‘lgan kumush rang doiradan iborat.
"Doira markazida davlat va jamiyatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish ramzini anglatuvchi, pastki qismi cho‘zilgan, yuqori burchaklari kesilgan uchburchak ko‘rinishiga ega qalqon tasvirlangan. Qalqon yuzasi kumush rangda. Qalqonning markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan", — deyiladi farmonga sharhda.
Qalqonning kesilgan ikki yuqori va pastki burchaklarida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari muhofazasini anglatuvchi uchta xalqa tasvirlangan.
Qalqon ortida simmetriya o‘qi bo‘yicha tig‘i pastga yo‘naltirilgan qilich joylashgan. Qilich kuch, sha’n, adolat, jasorat va hushorlikni anglatadi.
Qilich dastagi yettita halqadan iborat bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy tamoyillarini anglatadi.
Qalqon va qilich ortida simmetrik ravishda ikki tomonga hilpirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining qalqon va qilich ortida joylashuvi konstitutsiyaviy tuzum, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganligini anglatadi.
Qayd etilishicha, idoraviy ramzlarning ta’sis etilishi harbiy xizmatchilarning jangovor ruhini oshirishga hamda ularni davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishga safarbar etishga xizmat qiladi.
Farmon bilan sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining ayrim vakolatlari Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek, Mudofaa vazirligiga o‘tkazildi.