TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) vitse-prezidenti Surayyo Yer va agentlikning O‘zbekistondagi vakolathonasi rahbari Ali Ixsan Chaglar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda TIKA bilan hamkorlikda O‘zbekistonda band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish tizimida amalga oshirilishi nazarda tutilgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. TIKA tomonidan O‘zbekiston Respublikasida talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha kasb — hunarga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif berildi.
Jumladan, TIKA rahbariyati O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida hudud ehtiyojidan kelib chiqqan holda, kasb — hunarga o‘qitish markazlarini ochish, ayniqsa talab yuqori bo‘lgan tikuvchilik, avtomobilsozlik, mashinasozlik, payvandlash va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda kasb — hunarga o‘qitish tizimini yaratish fikrini bildirdi.
Kasb-hunarni o‘rgatishda Turkiya Respublikasidan malakali kadrlarni jalb qilib, ta’lim sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan malakali kasb egalariga o‘z mehnat faoliyatini boshlashda kerakli jihoz va anjomlar bilan ta’minlab berilishini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Ushbu tizim avvalo Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ishga tushirilishi va keyinchalik O‘zbekistonning qolgan barcha viloyatlarida ham huddi shunday markazlar ochish rejalari ilgari surildi.