O‘zbekiston vizasi Qozog‘iston uchun ham amal qiladigan bo‘ladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston turistlar uchun multiviza tashkil qilish haqida muzokaralar olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston turistlar uchun ikkala davlat hududida ham amal qiladigan multiviza joriy etish haqida muzokaralar olib bormoqda, deb xabar qildi Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamediuli Sputnik Kazaxstan nashriga.

Ushbu masala Ostonada 14-mart kuni ikki davlatning hukumatlararo komissiyalari majlisida muhokama qilindi.

“Biz hozir O‘zbekistonga kirish uchun berilgan vizalar Qozog‘iston hududida ham amal qilishi ustida ishlayapmiz. Qozog‘istonga kelgan turistlar esa – qozoq vizasi bilan O‘zbekistonga borishi mumkin bo‘ladi”, — dedi Muxamediuli hukumatlararo komissiya majlisidan keyin.  

Vazir aytishiga qaraganda, ko‘p hollarda Qozog‘istonga kelgan sayyohlar O‘zbekiston tarixiy obidalarini tomosha qilish istagini bildirishadi. O‘zbekistonga kelgan sayyohlar esa Xo‘ja Yahmad Yassaviy maqbarasi va Ostonani tomosha qilishni xoxlaydi.

Ushbu turdagi vizalar amal qilishni boshlashi uchun ikki mamlakat Hukumatlari taaluqli qarorlarni qabul qilishlari kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan. Yil davomida Qozog‘istonda iqtisodiyot, turizm va madaniyat sohasida 200dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.