O‘zbekistonda qalbaki dollar va so‘m yasagan shaxs qo‘lga olindi

Tezkor tadbir davomida qalbaki bo‘lgan 2826 dona 10 ming so‘mlik pul kupuralar va 29 dona 100 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Sputnik

TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Ichki ishlar organ xodimlari tomonidan qalbaki pullarni yasashda gumon qilingan Qorauzak tumanida yashovchi fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti matbuot xizmatiga tayangan holda Sputnik muxbiri xabar qildi.

O‘zbekistonda "jinsiy qullik"ka jo‘natish bilan shug‘ullangan ayol qo‘lga olindi

Xabarda aytilishicha, 2018-yil 12-fevral kuni noma’lum shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani hududida yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib ishlovchi A ismli shaxsni ishonchiga kirib, uni aldab, 26 dona qalbaki 10 ming so‘mlik kupura pullarini berib, 2 qop un mahsulotlarini sotib olgan.

Ichki ishlar organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida qalbaki pullarni yasashda gumon qilingan Qorauzak tumanida yashovchi fuqaro O qo‘lga olinib, uning yonidan qalbaki bo‘lgan 2826 dona 10 ming so‘mlik pul kupuralar va 29 dona 100 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergov-tezkor tadbirlari davomida gumonlanuvchi O ushbu qalbaki pullarni Qozog‘iston Respublikasida yashovchi V ismli shaxs bilan birgalikda yasaganligi va O‘zbekistonga o‘tkazish maqsadida olib kirganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi "v" bandi ya’ni, o‘tkazish maqsadida qalbaki pul va chet el valyutasini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, yasash yoki ularni o‘tkazish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.