Surxondaryo koreyaliklar uchun xavfli bo‘lgan hududlar ro‘yxatidan chiqarildi

Bunga qadar ushbu hudud yuqori xatarli hududlar ro‘yxatiga kirgan va tashrif buyurish uchun tavsiya etilmagan
Sputnik

TOShKENT, 13 mar – Sputnik. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrini Janubiy koreyalik turistlar uchun xavfli bo‘lgan hududlar ro‘yxatidan chiqardi, deb xabar berdi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Buxoroga yiliga 900 minggacha turist kelishi mo‘ljallanmoqda

"O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sa’y-harakatlari natijasida Surxondaryo viloyati va Termiz koreyalik fuqarolar uchun tashrif buyurish xavfli bo‘lgan hududlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bunga qadar ushbu hudud yuqori xatarli hududlar ro‘yxatiga kirgan va tashrif buyurish uchun tavsiya etilmagan", — deyiladi xabarda.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2-mart kuni Janubiy Koreya TIV mazkur qarorni chiqargan.

"Bu Koreyadan minglab turistlarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlariga qiziqish uyg‘otadi hamda mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiyot, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi", — deyiladi qo‘mita xabarida.

Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yon-U termizda bo‘lib, turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar hamda turistik politsiya faoliyati bilan tanishgan.

O‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston hukumati mamlakatda 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagandi. Xususan, 2018-yil avgustida Termizda maydoni bir gektargacha bo‘lgan yapon bog‘i hamda buddizm yodgorlik majmuasini qurish ishlarini boshlash ko‘zda tutilgan. 2002-yil aprelida O‘zbekistonda Termiz shahrining 2500-yilligi nishonlangan. Olimlarning fikricha, qadimda Termiz buddizm markazlaridan biri bo‘lgan.