O‘zbekistonda Navro‘z arafasida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

Hashar munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining bankdagi hisob raqamlariga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilandi
Sputnik

TOShKENT, 13 mar – Sputnik. Hukumat farmoyishiga asosan 2018-yil mart-aprel oylarida respublikaning barcha hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi hamda 18-19 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligining Telegram-kanalida xabar qilindi.

Samarqandda Navro‘zga tayyorgarlik boshlandi

Xabarga ko‘ra, hashar munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining bankdagi hisob raqamlariga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilandi.

Xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, yolg‘iz qariyalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlarga sarflanishi nazarda tutilmoqda.

Mazkur farmoyish Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, xalq orasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, respublikaning barcha hududlarida sanitariya holatini yaxshilash maqsadida qabul qilindi.