O‘zbekistonda apreldan naqd ko‘rinishda dollar yechib olish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda 2017-yilning 5-sentabridan boshlab jismoniy shaxslar xorijiy valyutani banklarga bozor kursi bo‘yicha sotish huquqiga ega bo‘lgandi
Sputnik

TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan 2018-yilning 1-aprelidan mamlakat hududida naqd xorijiy valyutani yechib olish mexanizmini joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, shu yilning 1-aprelidan boshlab jismoniy shaxslar xalqaro to‘lov kartochkalariga xarid qilingan naqd xorijiy valyutani yechib olishlari mumkin bo‘ladi.

Bunda xorijiy valyuta tijorat banklari tomonidan belgilangan limitlar doirasida yechib olinishi mumkin.

Shuningdek, 1-aprelga qadar chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha amaliyotlarni bajarish va xalqaro to‘lov kartochkalaridan mablag‘larni xorijiy va milliy valyutadagi muddatli depozitlarga o‘tkazishni ta’minlash imkonini beruvchi, jismoniy shaxslar hisoblarini masofadan boshqarish tizimi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017-yilning 5-sentabridan boshlab jismoniy shaxslar xorijiy valyutani banklarga bozor kursi bo‘yicha sotish huquqiga ega bo‘lgandi.

Ilgari banklar xorijiy valyutani bozor kursidan ikki baravar arzon bo‘lgan davlat kursida sotib olardi.