TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari 9-mart kuni ikki mamlakatni bog‘lovchi temir yo‘lni ishga tushirishdi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" matbuot xizmati xabar berdi.
Amuzang va Xoshadi stansiyalaridan dastlabki poyezdlar harakati Shavkat Mirziyoyev hamda Imomali Rahmon tomonidan ramziy tugmaning bosilishi bilan yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tarixiy jarayon maxsus tashkil etilgan teleko‘prik orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Amuzang stansiyasida hozirda nafaqat temiryo‘lchilar, balki chegarachilar, bojxonachilar uchun ham qulayliklar yaratilgan. Ushbu stansiya O‘zbekistonni qo‘shni davlat bilan bog‘lovchi yangi darvoza sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda Tojikistonning janubiy va sharqiy hududlarini bog‘laydi.
Bu yerdan Turkmaniston va Afg‘oniston davlatlariga chiqish imkoniyati yanada kengayadi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida qayta tiklangan temir yo‘lining ochilishi O‘zbekiston prezidentining ushbu mamlakatga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Hozirgacha Tojikiston va O‘zbekiston temir yo‘l tizimini bog‘lovchi yo‘l faqat Bekobod va Quduqli stansiyasilari bo‘ylab amalga oshirilayotgan edi.