Mirziyoyev: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmadi

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar
Sputnik

TOShKENT, 9-mart — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Bugun Dushanbeda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralardan so‘ng erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Mirziyoyev Rahmonni O‘zbekistonga taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi.

"Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos yaratadi", — deyiladi xabarda.

Prezidenti Uzbekistana i Tadjikistana Shavkat Mirziyoyev i Emomali Raxmon

Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini ta’kidladilar.

"Biz O‘zbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar — Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega", dedi O‘zbekiston rahbari.

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta’kidladi. Prezident Imomali Rahmon bu fikrni to‘la qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.