Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonda tantanali kutib olindi

Dushanbe xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi
Sputnik

TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezident Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9-mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi.

Dushanbe xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

"O‘zbekiston prezidenti sharafiga butun shahar bo‘ylab davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilgan. Ko‘chalarga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-ko‘zidagi hursandchilik ushbu tashrif ular uchun orziqib kutilgan voqea ekanidan dalolat beradi", — deyiladi xabarda.

Tisachi tadjikistansev vstretili prezidenta Uzbekistana

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etiladi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ko‘rib chiqiladi.

Turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat xalqiga qulayliklar yaratishga qaratilgan tarixiy hujjatlar imzolanadi.

Tashrif doirasida biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi, ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsert tashkil etiladi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidentini kutib olish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini shaxsan Tojikiston prezidenti o‘zi nazorat qilayotgani xabar qilingandi.