O‘zbekistonlik harbiylar ilk bor xalqaro olimpiadada ishtirok etadi

O‘zbekistonlik kursantlar besh yo‘nalishda bellashishadi
Sputnik

TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari MDH oliy harbiy o‘quv yurtlari jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro olimpiadaning final bosqichida ilk bor ishtirok etadi.

Olimpiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad — MDH davlatlari armiyalari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash.

Harbiy xizmatchilar Inha universitetida malaka oshirmoqda

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Olimpiadaning dastlabki ikki bosqichi respublikadagi oliy harbiy ta’lim muassasalari va harbiy bilim yurtlarida bo‘lib o‘tgan hamda g‘oliblar final bosqichiga yo‘llanma olishgandi. Final bosqichida Mudofaa vazirligi o‘quv yurtlarida tahsil oluvchi 26 nafar kursant ishtirok etadi.

O‘zbekistonlik kursantlar besh yo‘nalishda bellashishadi.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari Olmaota shahrida matematika, Minsk shahrida harbiy tarix, harbiy-professional tayyorgarlik bo‘yicha Moskva shahrida O‘zbekiston sharafini himoya qilishadi.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari Yerevanda chet tili bo‘yicha, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti kursantlari Sankt-Peterburgda informatika bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etadi.

Olimpiada 26-martdan 19-mayga qadar o‘tkaziladi.

O‘tgan yili bellashuvlarda Rossiya Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston harbiy bilim yurtlaridan jami 44 jamoa tarkibida 176 kursant ishtirok etgan edi. O‘zbekiston vakillari esa kuzatuvchi sifatida qatnashgan.