Mehnat migrantlari uchun bepul rus tili darslari tashkil qilinadi

Xorijda ishlashni rejalashtirgan fuqarolar tayyorlov kurslarida nafaqat rus tili, balkim boshqa kerakli kasb va hunarlarni ham o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 8 mar – Sputnik. O‘zbekistonda Rossiyada ishlashni rejalashtirgan fuqarolar uchun rus tili bo‘yicha bepul tayyorlov kurslari tashkil qilinadi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining yangi qarorida aytib o‘tilgan.

Mehnat migrantlari uchun rus tili va boshqa kerakli kasblar bo‘yicha tayyorlov kurslari Mehnat vazirligi tasarrufida bo‘lgan kasb-hunar kollejlari va tayyorlov markazlari huzurida tashkil qilinadi.

O‘zbekiston migratsiya siyosati

Ushbu o‘quv muassasalariga 2021-yilning 1-yanvariga  qadar soliq imtiyozlari berildi. Soliq imtiyozlari miqdori yuqorida qayd etilgan o‘quv kurslarini tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlari miqdorida belgilanadi.    

Eslatib o‘tamiz 2018-yilda O‘zbekiston Rossiyaga tashkillashtirilgan tartibda 50 ming nafar ishchilarni yuborishni rejalashtirgan. Ushbu maqsadda Samarqand va Toshkentda mehnat migrantlarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv markazlari tashkil qilingan edi. Bu yil ana shunday o‘quv markazini Farg‘onada ham ochish rejalashtirilgan.