Sovet ayollarining urush yillaridagi jasoratlari haqida arxiv hujjatlar e’lon qilindi

Rossiya Mudofaa vazirligi sovet ayollariing urush yillaridagi qahramonliklari haqida hujjatlarni e’lon qildi
Sputnik

TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Rossiya Mudofaa vazirligi 8-mart arafasida o‘zining rasmiy saytida Ulug‘ Vatan urushi yillarida sovet ayollari ko‘rsatgan jasoratlar haqidagi arxiv hujjatlarni e’lon qildi.

Mirziyoyev: Urush yillari bizning xalqimiz qanchalar buyuk qalbga ega ekanini ko‘rsatgan
"Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy saytida Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tarixiy multimediya bo‘limi ishga tushirildi, u qahramonliklari va jasoratlari tufayli Ulug‘ Vatan urushining jang maydonlarida umrboqiy shon-sharaf qozongan sovet ayollariga bag‘ishlangan", — deyiladi xabarda.

Harbiylar ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bo‘limda Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi fondidan mahfiylikdan chiqarilgan qator hujjatlar: maktublar, fotosuratlar, urush yillaridagi gazetalardan qirqib olingan parchalar, dokladlar, mukofot hujjatlari joylashtirilgan.

Hujjatlarda jang maydonidan 46 nafar yarador jangchini olib chiqqan hamshira Mariya Feofanova, qo‘lbola granata bilan dushman pulomet ekipajini halokatga uchratgan yefreytor Natalya Kostanitsina, radistka Olga Flatkina, Sovet ittifoqi qahramoni Tatyana Baramzina va tankchi ayol Mariya Oktabrskayalar tomonidan ko‘rsatilgan qahramonliklar haqida hikoya qilingan.

"Umumiy sarlavha ostida berilgan bu xabarlarning har biri — bu miniatura shaklidagi tarix, ular hammasi birgalikda esa — mutlaqo ayollarga xos bo‘lmagan jasorat, qahramonliklarga limmo-lim ayollar taqdiri kaleydoskopidir. Bunday jasoratlarni ayollar sodir etganiga ishonging kelmaydi", — deb ta’kidlanadi xabarda.