TOShKENT, 6 mar – Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston telekompaniyalari axborot, hujjatli filmlar va ikki mamlakat turistik salohiyati haqidagi filmlarni namoyish etadi. Bu haqda Qirg‘iziston jamoat teleradiokorporatsiyasi bosh direktori Ilim Karipbekov ma’lum qildi.
Uning yozishicha, o‘tgan haftada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Qirg‘iziston jamoat teleradiokorporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan.
Shartnomaga muvofiq, kompaniyalar o‘zaro axborot, hujjatli filmlar almashadi, tomonlar kanallarida ikki mamlakat turistik salohiyati haqidagi ko‘rsatuvlar namoyish etiladi, O‘zbekistondagi qirg‘izlar, Qirg‘izistondagi o‘zbeklar turmush tarzi haqida ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.
Shuningdek, jurnalistlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashiniladi, texnik hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
"O‘zbekistonga bir yil ichida uchinchi bor kelishim. Men avvallari faqatgina yangiliklar orqali bilgan mamlakat va xalqdan butkul o‘zgacha olamni ko‘rdim. Harholda mamlakatlarimiz o‘rtasida 15-yildan ortiqroq vaqt davom etgan murakkab munosabatlar bizning bu davlat haqidagi o‘y-tasavvurlarimizga ham ta’sir o‘tkazgani bor gap. Ayniqsa, yosh avlodga.
Ikki telekompaniya mana shu bo‘shliqni to‘ldirishga bel bog‘ladi. Qirg‘iziston telekanallarida O‘zbekiston haqidagi roliklar namoyishi allaqachon boshlab yuborildi. O‘zbekiston teleradiokompaniyasi kanallarida esa Issiq-Ko‘l, turistik markazlarimiz, tog‘larimiz haqida lavhalar beriladi", — deb yozadi u.
Uning aytishicha, kelasi oydan boshlab O‘zbekistonga ikkita suratga olish guruhi tashrif buyuradi hamda ushbu mamlakat, bu yerda yashaydigan qirg‘izlar haqida maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlaydi.
Hozirda korporatsiya tarkibida 4 telekanal va 5 radio faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, respublika teleradiomarkazi va "Qirg‘iztelefilm" studiyasi ham korporatsiya tarkibiga kiradi.