TOShKENT, 6 mar — Sputnik O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri O‘zbekiston prezidentining bu haqdagi farmoniga asoslanib.
Vazirlik Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida tashkil qilindi.
Yangi vazirlik tuzilmasida Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi tashkil etiladi. Boshqarma jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi vazirlik tasarrufiga beriladi.
Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Farmonda vazirlik 2018-yil 1-mayga qadar O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni uzoq muddatli istiqbolga rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqishi va kiritishi belgilab qo‘yildi.