Sevinch Xodiyeva "Ti super!" tanlovining ikkinchi bosqichiga o‘tdi

"Ti super!" xalqaro tanlovining o‘zbekistonlik qatnashchisi Sevinch Xodiyeva keyingi bosqichga o‘tdi. Unga to‘rt hakamdan uchtasi ovoz berdi
Sputnik

TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekistonlik Sevinch Xodiyeva "Ti super!" xalqaro vokal tanlovining ikkinchi bosqichiga o‘tdi.

Sevinch sahnada ingliz alifbosi haqidagi qo‘shiqni ijro etdi. Qo‘shiq oddiy bo‘lishiga qaramasdan, u shunday mohirona ijro etildiki, buni barcha hakamlar e’tirof etishdi.

"Sen ajoyib kichik artist ekansan, bu yodda qoladigan chiqish bo‘ldi. Qanday qilib butun zal sen bilan birga kuyladi — buni repetitsiya qilganmidingizlar?", — hazillashdi Viktor Drobish.

Produser va kompozitor Igor Krutoy ham bu fikrga qo‘shildi.

"Sendan nur yog‘ilib turibdi, qo‘shiq aytish xohishing sezilib turibdi, tashqi va ichki go‘zallik mujassam. Ayrim xatolarni to‘g‘rilasa bo‘ladi. Asosiysi, mohirona ijro", — dedi Krutoy.

O‘z navbatida Yulianna Karaulova qizaloqning butun zalni o‘ziga jo‘r eta olganidan hayratda ekanligini, bu mohir artistlarning qo‘lidan har doim ham kelavermasligini bildirdi.

"Buni qanday uddalading: sen iltimos qilmasang ham butun zal sen bilan birga kuyladi. Senda odamlarni boshqaruvchi ichki quvvat bor. Kelganing uchun rahmat, senga o‘sishingda albatta yordam beramiz", — dedi u.

So‘nggi so‘zni xonanda Sergey Lazarev aytdi.

"Sen katta bo‘lib qolding, jiddiyroq qo‘shiq tanlash mumkin edi. Ha, judayam ta’sirli va mohirona ijro, lekin qo‘shiq besh-olti yoshli bolalarbop, senbop emas. Shuning uchun senga ovoz bermadim", — dedi xonanda.

Kozim Qayumov "Ti super" tanlovining o‘zbekistonlik qatnashchilariga omad tiladi

U uch yarim yoshli farzandi uchun ingliz tilidan repetitor qidirayotganligini va uni hozirgina topganligini qo‘shimcha qildi.

Sevinch hayajondan sahnada yig‘lab yubordi. Bu katta sahnadagi ilk bor chiqishdan keyingi hayajon va quvonch yoshlari edi.

"Ti super!" xalqaro vokal tanlovi ota-ona qaramog‘isiz qolgan iste’dodli bolalarga katta sahnaga chiqish uchun imkoniyat beradi. Tanlovning ikkinchi mavsumida Rossiya, Belarus, Moldova, Estoniya, Latviya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikistona, Armaniston, Ozarbayjon, Janubiy Osetiya va Germaniyadan 82 nafar o‘g‘il-qiz qatnashmoqda.