Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida "yashil yo‘lak" ishga tushdi

Toshkent temir yo‘l vokzalida turistlarni kutib olish va kuzatib qo‘yish xizmati "yashil yo‘lak" tizimi orqali amalga oshirilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida turistlarga qulay sharoit yaratish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida "yashil yo‘lak" tizimi ishga tushdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan Toshkent temir yo‘l vokzalida turistlarni kutib olish va kuzatib qo‘yish xizmati "yashil yo‘lak" tizimi orqali amalga oshirilmoqda", — deyiladi xabarda.

Xizmat turistik firma va tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha sayyohlar joylashgan avtotransport vositalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy temir yo‘l vokzali zaliga kirish imkoniyatini o‘z ichiga olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 1-yanvardan O‘zbekiston aeroportlarida "yashil" va "qizil" yo‘lak tizimi ishga tushgan edi.