Toshkent va Dushanbe chegara bo‘yicha shartnomani mart oyida imzolashi mumkin

Farg‘ona shahrida 24-fevral kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgandi
Sputnik

TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga mart oyida bo‘lajak davlat tashrifi davomida imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, 24-fevral – 1-mart kunlari Toshkentda Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi to‘qqiz o‘tish punkti ochildi

"Ishchi guruhlari tomonidan O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi shartnoma loyihasiga ilovalar tayyorlandi. Ushbu hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga bo‘lajak davlat tashrifi davomida imzolanishi rejalashtirilmoqda", — deyiladi xabarda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mart oyida amalga oshirilishi xabar qilingandi.

Farg‘ona shahrida 24-fevral kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgandi.

Kuni kecha uzoq yillik tanaffusdan so‘ng ikki mamlakat chegarasidagi to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ochildi. 2002-yildagi hukumatlararo kelishuvga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida 16ta nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan to‘qqiztasi xalqaro maqomga ega.