O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi to‘qqiz o‘tish punkti ochildi

"Ko‘lob-Moskva" yo‘nalishi bo‘ylab birinchi yo‘lovchi poyezdi "Amuzang" ("Hoshadi") temir yo‘li o‘tkazish punkti orqali 7-mart kuni qatnashni boshlaydi
Sputnik

TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston-Tojikiston chegarasi orqali 9 ta o‘tish punkti tantanali ravishda ochildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Tojikiston Farg‘onada Davlat chegarasini muhokama qilishdi

"Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq misoli o‘laroq 2018-yil 1-mart kuni "Jartepa" ("Sarazm"), "Qushkent" ("O‘ra-Tepa"), "Uchqo‘rg‘on" ("Havotog‘"), "Havastobod" ("Zafarobod"), "Bekabod" ("Hashtak"), "Pop" ("Navbunyod"), "Ravot" ("Ravot"), "Gulbahor" ("Ayvaj") avtomobil o‘tkazish punktlari va "Amuzang" ("Hoshadi") temir yo‘li o‘tkazish punkti o‘z faoliyatini qayta boshlashi kutilmoqda", — deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, "Ko‘lob-Moskva" yo‘nalishi bo‘ylab birinchi yo‘lovchi poyezdi "Amuzang" ("Hoshadi") temir yo‘li o‘tkazish punkti orqali 7-mart kuni qatnashni boshlaydi.

"Ikki davlatning qardosh xalqlari sabrsizlik bilan kutgan mazkur voqealik endilikda fuqarolarning o‘zaro qatnovini osonlashtirishga imkon yaratadi, bu esa o‘z navbatida ikki mamlakat do‘st xalqlarining qarindoshchilik aloqalarini saqlashga xizmat qiladi", — deyiladi TIV xabarida.

2002 yildagi hukumatlararo kelishuvga ko‘ra, ikki mamlakat chegaralari o‘rtasida 16ta nazorat o‘tkazish punkti o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan to‘qqiztasi xalqaro maqomga ega. Punktlarning aksariyati 2000-yillar o‘rtalarida yopib qo‘yilgan bo‘lib, shu paytgacha faqatgina ikkita punkt ruxsatnoma rejimida ishlab kelgandi.