TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbekiston mahalliy eksport korxonalar tomonidan mahsulotlarni xorijiy xaridorlarga yetkazish maqsadida milliy elektron savdo maydonchasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha eksportni ko‘paytirish va importni qisqartish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu borada tegishli topshiriqni berdi. Yig‘ilishda mahsulotlarni xorijga elektron savdo maydonchalari orqali sotish bo‘yicha ham zamonaviy mexanizmlar joriy etish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bois Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 2019-yil 1-yanvardan boshlab, mahalliy eksportor korxonalarning tovarlarini xorijiy xaridorlar tomonidan sotib olish imkoniyatini beradigan O‘zbekiston milliy savdo elektron maydonchasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bundan tashqari, respublikada qanday eksportchi korxonalar borligi va ularning qanday tovarlar ishlab chiqarishi to‘g‘risida xorijiy korxonalar ham, mahalliy korxonalar va davlat idoralari ham axborot oladigan to‘liq manba yo‘qligiga e’tibor qaratildi.
Shuning uchun har bir eksportchi korxona to‘g‘risidagi elektron axborotlar bazasini shakllantirish, ularning mahsulotlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot, marketing tadqiqotlari natijalari, eksport hajmi kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron pasportni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda respublikaning tashqi savdo aylanmasi 27 milliard dollarni (eksport — 14 milliard dollar, import — 13 milliard dollar) tashkil etdi.
MDH davlatlar o‘rtasida O‘zbekiston tashqi savdo bo‘yicha sherik davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston hisoblanadi. Ushbu davlatlar hisobiga tashqi savdoning 28,7% ulushi to‘g‘ri keldi.
Boshqa xorijiy davlatlar — Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Afg‘oniston, Braziliya, Hindiston, Eron, Latviya, Litva, Fransiya, AQSh, Italiya, ushbu davlatlar hisobiga tashqi savdoning 41,6 % ulushi to‘g‘ri keladi.