O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" o‘tkazuv punkti kengaytiriladi

Ikki davlat fuqarolarining savdo-sotiq aloqalari keskin kuchaygani bois keyingi vaqtda "Do‘stlik" nazorat-o‘tkazish punktida chegaradan o‘tuvchilar oqimi oshgan
Sputnik

TOShKENT, 28 fev – Sputnik. Tez kunlarda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining O‘sh va Andijon viloyatlari tutashgan qismida joylashgan "Do‘stlik" nazorat-o‘tkazish punktini kengaytirish ishlari boshlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston Chegara xizmati ma’lum qildi.

Ayni paytda punktda pasport nazorati bo‘yicha 10 kabina ishlamoqda – 5tasi Qirg‘izistondan chiqishda, 5tasi – ortga qaytishda. Punkt sutkasiga 7000dan ortiq kishini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Yaqin vaqt ichida punktda to‘rtta kabina o‘rnatiladi: 2tasi respublikadan chiqishda va 2tasi kirishda. Shuningdek, chegaradan yuksiz o‘tayotgan shaxslar va tovar-yuklar bilan o‘tayotgan shaxslar uchun alohida yo‘laklar tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, punktda shaxsiy tarkib soni ham oshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, ikki davlat fuqarolarining tijorat faoliyati keskin o‘sgani bois keyingi vaqtda "Do‘stlik" nazorat-o‘tkazish punktida chegaradan o‘tuvchilar oqimi oshgan. Ertalab va tushdan keyin hamda bozor kunlari odamlar va transport vositalarining tirbandligi kuzatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi "Do‘stlik" chegara o‘tkazuv punkti 2017-yil 6-sentabr kuni ochilgandi.