Eksport bilan viloyat hokimi va viloyat prokurorlari o‘rinbosarlari shug‘ullanadi

Eksport va import bo‘yicha qilinayotgan ishlar bosh vazir hamda bosh prokuror rahbarligida haftada ikki marta muhokama qilinadi
Sputnik

TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu boradagi ishlar holati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

"Yig‘ilishda sohadagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimi joriy etilishi ta’kidlandi. Eksportni tashkil etish va monitoring qilishga bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov va bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tadjiyev rahbarligidagi guruh javob beradi. Joylarda eksport bilan shaxsan viloyat hokimi va viloyat prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari shug‘ullanadi", — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston ilk bor tuyaqush terisidan tikilgan poyabzallarni eksport qiladi

Importni qisqartirish ishlarini tashkil etish va monitoring qilish bo‘yicha respublika Ishchi guruhi tuzilib, unga Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i rahbar etib belgilandi. Xuddi shunday ishchi guruhlar hududlarda ham tashkil etiladi va ularga hududiy departament boshliqlari rahbarlik qiladi.

Departament mamlakatdan valyuta maqsadsiz chiqib ketishining oldini olish, importni qisqartirish, uning o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.

Eksport va import bo‘yicha qilinayotgan ishlar bosh vazir hamda bosh prokuror rahbarligida haftada ikki marta muhokama qilinadi.

Tumanlardagi Ishchi guruhlar fermerlar va aholi tomorqalarida serdaromad meva-sabzavot ekinlari ekish, ularni urug‘lik, mablag‘, o‘g‘it, yoqilg‘i bilan ta’minlash ishlarini tashkil etishga ko‘maklashadi. Har bir tumanda meva-sabzavotni eksport qiluvchi korxona tashkil etish ham bu boradagi muhim vazifa hisoblanadi.