O‘zbekistonda xorijlik kinoijodkorlar ishtirokida triller suratga olinadi

Badiiy filmni suratga olish ishlari Toshkent va Buxoroda hamda Rossiya va Marokash hududlarida bo‘lib o‘tadi
Sputnik

TOShKENT, 27 fev — Sputnik. O‘zbekistonda yaqin kunlarda Muxlisa Azizova rejissorligida Scorpion trillerini suratga olish ishlari boshlanadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Hindistonlik kinoijodkorlar Bobur haqidagi filmni O‘zbekistonda tasvirga olmoqchi

Film O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, "O‘zbekkino" Milliy agentligi, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazining qo‘shma qaroriga muvofiq suratga olinadi.

Filmni suratga olish ishlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ko‘magida Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek Rossiya va Marokash davlatlari hududida bo‘lib o‘tadi.

Ijodiy guruhdan xorijlik qator mutaxassislar, jumladan, germaniyalik operator Maks Tsui o‘rin olgan. U ilgari ham O‘zbekistonga kelgan bo‘lib, Buxoro haqidagi "Welcome to Bukhara" videoroligiga operatorlik qilgan.

Xorijlik kinoijodkorlar suratga olish ishlarini boshlash uchun Toshkent shahriga yetib kelishgan hamda film loyihasi ustida ish olib bormoqda.

Afsuski, film sujeti hozircha sir tutilmoqda. Lekin loyihada Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi ishtirok etayotgani inobatga olinsa, film o‘tkir sujetli va jangari janrda bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.