TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Toshkent shahrida yakshanba kuni O‘zbekistonning eng tajribali harbiy rahbarlaridan biri — iste’fodagi general-mayor Ismoil Ergashev bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
U 24-fevral kuni 73 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Dafn etish marosimi Samarqand viloyatida, harbiy yetakchi tug‘ilib, voyaga yetgan joyda bo‘lib o‘tdi.
Dafn etish marosimida marhumning yaqinlari va qarindoshlari, Qurolli kuchlar veteranlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Ergashev 1945-yilning 5-avgustida Samarqand viloyatining Chelak tumanida tavallud topgan. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston Qurolli kuchlarida turli lavozimlarni egallab kelgan. 1992-1994 yillarda artilleriya boshqarmasida rahbar bo‘lgan, so‘ngra 1997-yilgacha artilleriya qo‘mondoni lavozimida faoliyat yuritgan.
1999-2000 yillarda Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, 2000-2004 yillarda Markaziy Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2004 yildan 2005-yilga qadar Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Qurolli kuchlari Birlashgan shtabi rahbari lavozimini egallagan.
O‘z xizmat yillarida Ergashev I va II darajadagi "Shon-sharaf", shuningdek, "Jaloliddin Manguberdi" ordenlari bilan taqdirlangan.