Kamilov: Rossiyada O‘zbekistonning to‘rtta yangi konsulxonasi ochildi

Vazir Rossiyaning yana qaysi hududlarida konsulliklar ochish zarurligini aniqlagan holda Rossiya hukumati bilan hamkorlikda ushbu jarayon davom ettirilishini bildirdi
Sputnik

TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Rossiyaning bir nechta federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulliklari ta’sis etildi, dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

"Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon va Rostov-Don shaharlarida O‘zbekistonning bosh konsulliklarini ta’sis etish haqida Rossiya hukumatining farmoyishi e’lon qilindi", — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Vazir Rossiyaning yana qaysi hududlarida konsulliklar ochish zarurligini aniqlagan holda Rossiya hukumati bilan hamkorlikda ushbu jarayon davom ettirilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 22-23 fevral kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiyaga tashrif buyurdi. Tashqi ishlar vaziri rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan muzokaralar o‘tkazdi.