Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan bolalar kiyimida zaharli modda borligi aniqlandi

Formaldegid zaharli moddasi bo‘lgan kiyimlarning aksariyat qismi Olmaota va Bishkekdagi ulgurji bozorlardan keltirilgan
Sputnik

TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Qozog‘istonlik shifokorlar Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan bolalar kiyimlarida zaharli modda topilgani borasidagi holatga izoh berishdi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston Tengrinewsga asoslanib.

Formaldegid "Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan" yorlig‘i bo‘lgan bolalar yo‘rgaklari, ko‘ylaklarida aniqlangan. Kiyim-kechaklar Qarag‘andadagi do‘kon va bozorlarda sotilayotgan bo‘lgan.

Tojikistonda bug‘doy unidan ommaviy zaharlanish yuz berdi - bir bola vafot etdi

Shifokorlar hozircha vahimaga hojat yo‘qligini bildirishdi. Jamoat sog‘lig‘ini saqlash departamenti mutaxassislari bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 62 kiyim namunasi tekshirish uchun olishdi.

Departament boshlig‘i o‘rinbosari Yuriy Zaliginning aytishicha, 40ta namunada nomuvofiqlik aniqlangan. Yana 17ta namunada formaldegid darajasi yuqoriligi ma’lum bo‘ldi.

"Vahimaga hojat yo‘q! Biz Qirg‘izistondan keltirilgan hamma kiyimlar zaharli demoqchi emasmiz. Bu kiyimlar yirik fabrikalarda tikilgan deyishga asos yo‘q. Ularda "Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan" degan yorliq bor, lekin taxminimizcha, ular uy sharoitida tayyorlangan. Shu bois hozircha shoshilinch xulosa chiqara olmaymiz", — dedi Zaligin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlarga zudlik bilan talabga javob bermaydigan kiyimlarni sotuvdan olib qo‘yish tavsiya etilgan.

"Sotuvchi mahsulotni yo‘q qilishi yoki uni yetkazib beruvchiga qaytarishi yoxud uning talabga javob berishi haqidagi hujjatni ko‘rsatishi kerak. Rejadan tashqari tekshiruvlarda ushbu tavsiyalarning bajarilishi nazorat qilinadi", — dedi u.

Formaldegid zaharli moddasi bo‘lgan kiyimlarning aksariyat qismi Olmaota va Bishkekdagi ulgurji bozorlardan keltirilgan.