O‘zbekiston Respublikasi prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq shu kunlarda yigitlik burchini sharaf bilan o‘tagan askarlarni uylariga tantanali kuzatish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tantanali marosimda Toshkent harbiy okrugi Qo‘mondoni general-mayor Bahodir Qurbonov, Chirchiq shahar xokimining o‘rinbosari J.Matkarimov, Chirchiq shahar Nuroniy jamg‘armasi raisi G‘.I.Tuayev, Chirchiq shahar Yoshlar ittifoqi kengashi raisi R.J.Sayliyevlar hamda keng jamoatchilik vakillari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdilar.
"Yurtimiz yoshlari uchun milliy armiyamiz haqiqiy hayot maktabiga aylandi. Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish har bir yosh o‘g‘lonning orzusi, faxr va sharaf ishidir. Chunki milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish ular uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda", — dedi Tadbirni ochib bergan general-mayor Qurbonov.
U askarlarga muddatli harbiy xizmatni namunali va munosib o‘tab, Vatan sarhadlarini himoya qilishga, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida muvaffaqiyat tiladi.