Putin bugun O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashadi

Kremlda bo‘lib o‘tadigan tantanali kecha Vatan himoyachisi kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, unga bir necha mamlakat delegatsiyalari taklif qilingan.
Sputnik

TOShKENT, 22 fev — Sputnik.Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni Moskvada Vatan himoyachisi kuniga bag‘ishlangan, bir necha xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari taklif etilgan tantanali kechada ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda Kreml matbuot xizmati.

Putin MDH davlatlari rahbarlari bilan xavfsizlik masalalarini muhokama qildi
"Davlat Kreml saroyida Vladimir Putin tantanali kechaga taklif qilingan Armaniston, Venesuela, Qozog‘iston, Qatar, Mo‘g‘uliston, Serbiya, O‘zbekiston, Belarus, Ozayrbayjon va Qirg‘iziston delegatsiyalari rahbarlari  bilan uchrashadi va Rossiya Qurolli kuchlarining harbiy va fuqaro xizmatchilarini, veteranlarini kelayotgan bayram bilan tabriklaydi", — deyilgan rasmiy xabarda.

Davlat rahbari Vatan himoyachisi kuniga bag‘ishlangan ushbu tantanalarda har yili ishtirok etadi.

O‘tgan yili Putin o‘zining tabrik so‘zida armiya va flot rivojlanishiga, Rossiya harbiy sharafini mustahkamlashga hamda  yangi avlod askar, matros va zobitlarini tarbiyalashga katta hissa qo‘shgan  Qurolli kuchlar veteranlariga katta minnatdorlik bildirgan edi.

Prezident, o‘shanda, Suriyada xizmat qilayotgan Rossiya harbiylariga ham minnatdorlik bildirib terrorchilikka qarshi kurashda ularning hissasi ulkan ekanini qayd etgan edi.