TIV Qirg‘izistondagi portlashda jarohatlangan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi

Ikki nafar O‘zbekiston fuqarolari - Azimjon Valiyev va Muhammadbobir Turg‘unpo‘latov Qo‘chqor-Ota shahridagi shifoxonaga, Rustam Parpiyev esa uchinchi darajada kuyib, O‘sh shahridagi kasalxonaga yotqizildi
Sputnik

TOShKENT, 22 fev – Sputnik. Jalolobod viloyatining Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi kafelardan birida portlash oqibatida jabrlangan uch nafar O‘zbekiston fuqarolari Namangan shahrida istiqomat qilishgan. Bu haqda O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi ma’lumotiga tayanib O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qirg‘izistondagi kafeda portlash oqibatida uch o‘zbekistonlik jarohatlandi

"Jabrlanganlardan uch nafari Namangan shahri va yana biri Qirg‘izistonning To‘xtagul tumani istiqomatchilari bo‘lgan. Ikki nafar O‘zbekiston fuqarolari — Azimjon Valiyev va Muhammadbobir Turg‘unpo‘latov Qo‘chqor-Ota shahridagi shifoxonaga joylashtirildi. Rustam Parpiyev esa uchinchi darajada kuyib, O‘sh shahridagi kasalxonaga yotqizildi", — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Jalolobod viloyati IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 20-fevral kuni Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi "Aziya" kafesida gaz o‘chog‘idan gaz sizishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Voqea ro‘y bergan paytda xonada 4 kishi bo‘lgan va ularning yuqori tana qismlari kuygan.

Favqulodda hodisa ro‘y bergan joyda operativ tergov guruhi faoliyat olib bormoqda. Hodisa holatlari tergov qilinmoqda.

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining O‘sh shahridagi mas’ul vakolatxonasi vakillari va Jalolobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi bilan aloqalar o‘rnatildi.