TAShKENT, 21 fev — Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar mahalliy xom-ashyodan tish implantatlarini qoplash uchun biologik faol qatlam ishlab chiqishdi, deb xabar qilmoqda "Narodnoe slovo" gazetasi.
Ushbu loyiha ustida Toshkent davlat stomatologiya instituti ilmiy xodimi Farxodjon Usmonov ishlamoqda. Unga tibbiyot fanlari doktori, professor N. Xabilov rahbarlik qilmoqda. Olimlar O‘zbekistonda yangi tuzilishga ega bo‘lgan tish implantatlari yaratish va keyinchalik uni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun grant olishdi.
Stomatologiya instituti olimlari O‘zbekistonda birinchi tish implantati namunasini ishlab chiqarishdi va uni Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazishdi.
Tish implanti loyihasi yuzasidan rejalashtirilgan asosiy tajribalar yakuniga yetkazildi. Endi navbat biologik faol qoplamning samaradorligini aniqlash va uni surkovchi uskunani takomillashtirishdir.
Bugungi kunda tish implantatlaridan butun dunyoda keng foydalaniladi, lekin ularni ishlab chiqarish faqat bir necha mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilgan xolos. Shu sababli ularning narxi qimmat. Ushbu kashfiyot tufayli o‘zbekistonliklarga ushbu xizmat bir necha barobar arzonga tushadi. Uni ishlab chiqarishda esa chiqindi juda kam chiqadi va uni qayta ishlash imkoni ham bor.