TOShKENT, 19 fev — Sputnik. 2018 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot-xizmati.
Xususan, qo‘mita xonadonlarga solinadigan soliq hajmi qanday holatlarda ortishi haqida aytib o‘tgan.
"Muhim yangiliklardan biri, tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmayotgan jismoniy shaxslar aniqlangan taqdirda, ulardan ushbu yer uchastkalari uchun yer solig‘i 3 barobar miqdoridagi stavkada undiriladi", — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, buning uchun mahalla faollari xonadonma-xonadon yurilib, tomorqa yer uchastkasiga ega bo‘lgan xonadonlar o‘rganiladi hamda ekin ekilmagan holat bo‘yicha har bir yer uchastkasi egasiga soliqni 3 barobar stavkada to‘lash lozimligi tushuntiriladi va yozma to‘lov-xabarnoma beriladi.