TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Yakkasaroy tumanida yashovchi fuqarolar Sputnik tahririyatiga maktub yo‘llashdi. Xatda yozilishicha, mahalliy hukumat organi ularni ogohlantirmasdan, ko‘p qavatli uy oldidagi g‘ishtli garajlarni buzishni boshlab yuborishgan. Aholi garajlar o‘rniga zamonaviy mahalla kengashi binosi qad rostlashi haqida qo‘shimcha qilgan.
"Endi 11 avtomashina "ko‘chada"qolishi mumkin. Garajlar o‘rnida ko‘p qavatli mahalla markazi paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida Bobur 17, 17a, 15a, Jidazor 3 va 5 uy atroflarida avtomobil muammosiga olib keladi", — deb ta’kidlashgan maktubda shu uylarda yashovchi fuqarolar.
Prokuratura, shahar hokimiyati va prezident virtual qabulxonasiga yozilgan murojaat ostiga 47 ta oila vakillari qo‘l qo‘yishgan.
Garaj buzilishi 8-9 fevral kunlari boshlangan.
"Barcha garaj egalari 11 garajning buzilishi va talon taroj qilishidan bezovta. Eski garajlarning eshik panjaralari sug‘urilib, noma’lum yo‘nalishda olib ketildi", — deb yozgan fuqarolar.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri Yakkasaroy tumani hokimiyati bilan bog‘langanida, hokimlik vakili garajlar hokimning maxsus qarori asosida buzilayotgani, eski, sanitariya normalariga talab bermaydigan garajlar o‘rniga zamonaviy, usti naves bilan yopilgan, bepul avtoturargoh barpo etilishini, buning ustiga hududdagi bolalar maydonchasi atrofi o‘ralib, ko‘rkam holatga keltirilishi, dam olish joylar qurilishini ma’lum qildi.
"Aholi garajlar buzilishidan 20 kun oldin rasmiy ogohlantirilgan. Hokimiyatga ham bu haqda shikoyat maktubi kelgan, unga tegishli tartibda javob qaytarilgan, qolaversa, hokimlikning o‘ziga shu masalada kelgan fuqarolarga tushuntirish berilgan", — deb ta’kidladi suhbatdosh.