O‘zbekistonda dorilarni internet orqali sotib olish mumkin bo‘ladi

Portal yordamida tegishli litsenziyaga ega dorixonalarning joylashuvini aniqlash ham mumkin bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2018-yil oxiriga qadar dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotib olishga ixtisoslashgan axborot portalini yaratadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev dori vositalarini arzonlashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning "Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Maxsus portal dori vositalari va tibbiy buyumlarni, zarur hollarda sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tegishli dorixonalar tomonidan aholiga yetkazib berishni ta’minlagan holda real vaqt rejimida sotib olish imkonini beradi.

Shuningdek, portal yordamida tegishli litsenziyaga ega dorixonalarning joylashuvini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2018-yil 1-mayga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasida dori vositalari va tibbiy buyumlarni hisobga olish va hisobot jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, ular haqidagi zarur axborotni taqdim qilgan holda dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maxsus markirovka tizimini joriy etish mumkinligi masalasi o‘rganib chiqiladi.