Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga yordam beradi

Assotsiatsiya vakillari ayniqsa ziyorat turizmini rivojlantirish va ommalashtirishni ko‘zda tutishmoqda
Sputnik

TOShKENT, 14 fev – Sputnik. Hozirda O‘zbekistonda turistlar oqimini oshirish uchun barcha shart-sharoitlar mujassam, dedi Islom biznesi xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Irshat Yunusov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sohada ulkan salohiyat mavjud bo‘lib, bundan mamlakat farovonligini yuksaltirishda foydalanish mumkin.

"Assotsiatsiyamiz muassis va a’zolari orasida halol yo‘nalishida ish olib boradigan 200dan ortiq yirik tashkilotlar bo‘lib, ularda bir necha ming xodim va yakka tadbirkorlar faoliyat ko‘rsatadi. Ana shular va ularning yaqinlari yordami bilan ham O‘zbekistonga turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishimiz mumkin. Hozirda mamlakatda buning uchun barcha shart-sharoitlar mujassam", — dedi Yunusov.

Assotsiatsiya vakillari ayniqsa ziyorat turizmini rivojlantirish va ommalashtirishni ko‘zda tutishmoqda.

Buxoroga yiliga 900 minggacha turist kelishi mo‘ljallanmoqda

Buyuk islom mutafakkirlari va aziz avliyolar maqbaralarini ziyorat qilishni xohlovchilar uchun besh kun va to‘rt tundan iborat sayohat takliflari tayyorlandi.

"Biznes-turizmning rivojlanishi O‘zbekistonga yangi investitsiyalar kiritilishiga sabab bo‘ladi, bu esa iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki beradi", — dedi u.

O‘zbekiston hukumati mamlakat turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Xususan, yetti davlat bilan vizasiz rejim joriy etildi va 39 mamlakat fuqarolari uchun mamlakatga kirish tartibi soddalashtirildi. Bundan tashqari, aviatashuvlar narxlarida o‘zgarishlar bo‘lishi, Duty Free magazinlari ochilishi va Tax Free tizimi joriy etilishi kutilmoqda.