O‘zbekiston elchisi Rossiya bilan hamkorlikning uch yo‘nalishiga mas’ul bo‘ladi

Prezident topshirig‘iga binoan har bir elchi joylar bilan yanada samarali ishlash va hududiy munosabatlarni faollashtirish maqsadida mamlakatning tegishli viloyatlari bilan muntazam aloqada bo‘lib turadi
Sputnik

TOShKENT, 12 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov iqtisodiyotning uch yo‘nalishida ikki tomonlama aloqalar uchun mas’ul bo‘ladi: xorijiy investitsiyalarni jalb etish, o‘zbek mahsulotlari eksporti hajmini oshirish hamda turizm. Bu haqda diplomatik missiya rahbari Sputnik muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston elchixonalarining 3ta eng asosiy vazifasini aytdi

U shuningdek, prezident topshirig‘iga binoan har bir elchi joylar bilan yanada samarali ishlash va hududiy munosabatlarni faollashtirish maqsadida mamlakatning tegishli viloyatlari bilan muntazam aloqada bo‘lib turishini bildirdi.

"Men Toshkent va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mas’ulman, bu viloyatlar hokimlari yoki hokim o‘rinbosarlari bilan har kuni aloqada bo‘laman, Rossiya viloyatlari bilan aloqalar o‘rnatish uchun men tomonimdan qanday yordam kerakligini so‘rayman va ko‘mak beraman. Sohalar bo‘yicha esa elchixonamiz o‘zbek mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, investitsion loyihalar va turizm bo‘yicha mas’uldir", — dedi Bahrom Ashrafxonov.

Elchi bu yil Rossiya Federatsiyasi subyektlari rahbarlari O‘zbekistonga, O‘zbekiston delegatsiyasi esa Rossiya mintaqalariga tashrif buyuruvchi kamida beshta hududlararo tashriflar kutilayotganini aytdi. Yaqin kelajakda o‘zbek delegatsiyalarining RFning o‘n subyektiga beshta tashrifi mo‘ljallangan. Bahrom Ashrafxonov bunday hududlar sifatida Chelyabinsk viloyati, Boshqirdiston va boshqalarni sanab o‘tdi.