TOShKENT, 12 fev – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston 24 telekanali efiridayangi qurilayotgan yer metro yo‘nalishlari bilan tanishib, o‘z fikrini bildirdi.
Prezident fikriga ko‘ra, metro – qulaylik, xavfsizlik va arzonlik jihatidan juda qulay transport turidir, faqat uning logistikasini chuqur o‘ylash kerak.
“Eng katta masala — logistika, buni chuqurroq o‘ylash kerak. Avtobus va metro logistikasi shunday aqlli bo‘lsinki, buni odamlar sezsin. Odamlar sezishi uchun esa bir kun emas, har kuni ishlash kerak. Har kuni monitoring qilish kerak — qayerda tirbandlik bor, qayerda odamlar ko‘proq norozi bo‘lyapti, qaysi bekatlarda qay vaqt odam ko‘p, tirbandlik qayerda, qachon paydo bo‘lyapti, uning logistikasi qanday? Mana shu masalalarni ham o‘ylash kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident fikriga ko‘ra, har kuni dronlar, vertolotlar yordamida, yo‘lovchilar oqimini tahlil qilish kerak va bir chorakda bir marta yo‘nalishlarga aniqlik kiritish kerak, chunki zamon va talab o‘zgarmoqda. Ularga mos kelish kerak.
“Yagona maqsad — odamlarga sharoit yaratish. Yoz vaqti boshqa, qish vaqti boshqa, ta’til vaqti boshqacha talab. Hayot har kuni o‘zgarib borapti”, — dedi prezident.