O‘zbekiston dzudochisi kumush medal sohibi bo‘ldi

Parijda bo‘lib o‘tgan, norasmiy jahon chempionati hisoblanmish “Katta dubulg‘a” musobaqasida o‘zbekistonlik dzudochi Sharofiddin Lutfullayev kumush medal sohibi bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 12 fev – Sputnik. Fransiya poytaxtida 11-12 fevral kunlari Parijda “Katta dubulg‘a” dzudo musobaqasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.

Ushbu musobaqaga dunyoning 73 mamlakatidan 429 nafar dzudochilar ishtirok etdi. Musobaqa mukofot jamg‘armasi 154 ming dollarni tashkil qildi. Ushbu yil 44 marotaba o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa dzudo bo‘yicha norasmiy jahon chempionati hisoblanadi.

Nufuzli musobaqada 60, 66, 73 va 81 kilogrammagacha bo‘lgan vazn toifalarida o‘zbekistonlik 4 nafar dzudochilar ishtirok etishdi: Sharofiddin Lutfulloyev, Sardor Nurillayev, Xikmatillo Turayev va Akmal Najmiddinovlar.

O‘zbekistonlik sportchilar orasida eng muvaffaqiyatlisi 60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sharofiddin Lutfullayev bo‘ldi. Finalgacha bo‘lgan musobaqalarda Sharofiddin koreyalik Xarima Lini, fransiyalik Sedrik Revolani va Braziliyalik Felipe Pelimani yengdi.

Finalda O‘zbekistonlik dzudochi yaponiyalik Toru Shishime bilan bellashdi. Final bahsida Sharofiddin raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Jangning 5 daqiqasida Sharofiddin jarohat olgani tufayli maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib, Sharofiddin Lutfullayev Paris Grand Slam 2018 musobaqasining kumush medali sovrindori bo‘ldi.

Quyida ushbu jang lavhasini to‘liq tomosha qilishingimz mumkin.

Shuni aytib o‘tish kerakki, dzudo vatani bo‘lgan Yaponiya ushbu sport turida o‘ta kuchli mamlakat hisoblanadi. Dunyo miqyosidagi nufuzli musobaqalarda yaponiyalik sportchilar eng ko‘p medal olishi odatiy hol desa bo‘ladi. Paris Grand Slam 2018 da ha ham Yaponiya dzudochilari 6ta oltin, 4ta kumush va 3ta bronza medal bilan barchani ortda qoldirishdi.