Eron prezidenti Hasan Ruhani O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston delegatsiyasi Shavkat Mirziyoyevning Eron prezidenti Hasan Ruhani va Eron xalqiga samimiy tilaklarini yetkazdi.
Sputnik

TOShKENT, 11 fev – Sputnik. Eron Islom Respublikasi prezidenti Hasan Ruhani 10-fevral kuni Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida mintaqaviy muammolar, xususan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Afg‘oniston inqirozini siyosiy hal qilish jarayonini boshlash uchun birgalikdagi xalqaro sa’y-harakat muhimligi qayd etildi. Eron rahbari Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga doir O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab quvvatladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Eron prezidentlarining 2017-yil 10-sentabrda Ostona shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi-nazaridan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama ham qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Shavkat Mirziyoyevning Eron prezidenti Hasan Ruhani va Eron xalqiga samimiy tilaklarini yetkazdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkentda mart oyida "Afg‘oniston — tinchlikka yo‘l" mavsusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan edi. Anjumanga BMT va YeI vakillari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari TIV rahbarlari taklif etiladi.