Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Toshkentga keladi

Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyani o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi
Sputnik

TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Bugun, 9-fevral kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan keladi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘onni Toshkentga Afg‘oniston bo‘yicha anjumanga taklif qildi

Tashrif dasturiga ko‘ra, Hukumat, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat tuzilmalarida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan, shuningdek, «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyani Toshkent shahrida o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishning amaliy masalalarini muhokama qilish kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va Afg‘oniston birgalikda 2018-yil mart oyining oxirida Toshkentda "Afg‘oniston — tinchlikka yo‘l" mavzusida konferensiya o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqandi.

Toshkentdagi anjumanning asosiy maqsadi — Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonining asosiy tamoyillarini belgilab olish hamda hukumat va muxolifatchi kuchlar orasida tinchlik jarayonini "boshlab yuborish" mexanizmini ishlab chiqish kiradi.