Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani ta’kidlandi

Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e’tibor berilmagani ta’kidlandi
Sputnik

TOShKENT, 7 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillarini "begona" tadbirlarga jalb qilish taqiqlandi

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilib, xotin-qizlar hayotidagi muammolar o‘rganildi. 2017-yilda jami 5 milliondan ortiq xonadonga kirib borilib, oilalar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralari ko‘rildi. Jumladan, 22 mingta oilada ajrashib ketishning oldi olindi, 36 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 14,5 ming yurtdoshimizga imtiyozli kredit olishda yordam berildi.

Yig‘ilishda bu oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim ishlarning bir qismi xolos ekanligi, bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan qator dolzarb vazifalar turganligi ta’kidlandi.

"Xotin-qizlarga e’tibor hamma vaqt barcha sa’y-harakatlarimiz markazida bo‘lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak. Oilaga e’tibor aslida bu o‘zligimizga e’tibordir", dedi prezident.

Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e’tibor berilmagani ta’kidlandi.

Bildirilishicha, oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgan. 2017-yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda. Ayollar o‘rtasida jinoyatga qo‘l urish hollari ko‘p uchramoqda.

O‘zbekistonda "ZAGS"lar ajrimlarning oldini olish bilan shug‘ullanadi

Shavkat Mirziyoyev mamlakat xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Topshiriqlarga muvofiq, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining barcha bo‘g‘inlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy o‘rganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar o‘zgartiriladi.

Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi.

"Oila" markazi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.

Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi aralashuvi tufayli samarqandlik ayol sud zalida ozodlikka chiqarildi

Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy o‘rganilib, ularga o‘z vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi.

Ishlash istagi bo‘lgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o‘tgan yili maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan 2 ming 587 nafar diniy oqim a’zosi bo‘lgan ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.