Abdulaziz Kamilov Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Vazirlar "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik" nomli Afg‘oniston bo‘yicha bo‘lajak konferensiya kun tartibiga alohida e’tibor qaratishdi
Sputnik

TOShKENT, 7 fev – Sputnik. Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pekin shahrida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Abdulaziz Kamilov Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga bag‘ishlangan "Toshkent anjumani" o‘tkazishni taklif qildi

"Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning muhim masalalari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyovning 2017-yil 11-13 maydagi davlat tashrifi va Xitoy rahbariyati bilan muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi", — deyiladi xabarda.

Suhbat chog‘ida vazirlar "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik" nomli Afg‘oniston bo‘yicha bo‘lajak konferensiya kun tartibiga alohida e’tibor qaratishdi.

Konferensiya O‘zbekiston va Afg‘onistonning qo‘shma tashabbusiga ko‘ra Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.