Aktor Vladimir Mashkov nima uchun o‘zbekchani o‘rganishga majbur bo‘ldi

Yaqinda O‘zbekistonda Vladimir Mashkov bosh rolni ijro etgan filmni suratga olgan rossiyalik taniqli kinorejissor Karen Oganesan ushbu diyor haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi
Sputnik

TOShKENT, 6 fev — Sputnik, Aleksey Stefanov. Biz uchrashganimizda kinorejissor Karen Oganesan ta’kidlagan birinchi narsa "Mis quyosh" filmi O‘zbekistonda suratga olingan bo‘lsa-da, film sujeti ushbu davlatga taalluqli emasligini albatta aytib o‘tish darkorligi bo‘ldi. Kadrda Markaziy Osiyodagi nomi ko‘rsatilmagan respublika, SSSR tarqalishi fonida harbiy voqealar sodir bo‘lgan sharq shahri.

"Bu film umumiy tariximizning uch kuni, sovet qo‘shinlari Markaziy Osiyodagi mamlakatlardan birini tark etayotib dirijor boshchiligidagi harbiy orkestrni unutib qoldirgani haqida. Va hech kim jiddiy qabul qilmaydigan bu yigitlar o‘zlari va yaqinlarini himoya qilish uchun qo‘llariga qurol olishadi. Ular kun davomida tinch aholi va o‘zlarini qutqarish uchun yordam kelishini kutib jang qiladilar", — deydi Oganesan.

Syemki filma "Mednoe solnse"

Rejissorning ta’kidlashicha, filmdagi vaziyat Armaniston bo‘ladimi, Gruziya bo‘ladimi va yoki boshqa respublika bo‘ladimi, "millatidan qat’i nazar og‘a-inidek yashagan odamlar birdaniga bir-birlariga dushmanga aylangan, nima qilishni bilmay qolishgan" o‘sha davrga taalluqli. Shuningdek, bu film oddiy hayot kechiruvchi, ammo urush girdobida qahramonga aylangan va o‘z burchlarini bajargan —hayotlari evaziga tinch aholini qutqargan kishilar haqida, deydi kinorejissor.

"Suratga olish ishlarining asosiy qismi Xiva shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu shaharda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek desak ham kam. Chunki agar bu yerdagi sun’iy yo‘ldosh antennalarini olib tashlansa, o‘zingizni go‘yo vaqt mashinasida o‘tgan asrning 60-, 70-, 80-, 90-yillariga kelib qolgandek his qilasiz. Biz real vaziyatda ko‘chalarda, uylarda suratga olish ishlarini bajardik, atigi 600 kvadrat metr sahna maydonini qurdik, bu ham bo‘lsa harbiy qism uchun. Boshqa istalgan joyda kino suratga olish mumkin edi. Xivada vaqt juda ham chiroyli to‘xtab qolgan. Bu esa juda muhim. Biz sevadigan manzara, sharq muhiti har bir qarich joyda mujassam. Filmni montaj qilar ekanman, bu manzara ko‘zni juda quvontirmoqda", — deydi rossiyalik rejissor.

Syemki filma "Mednoe solnse"

Suratga olish guruhi O‘zbekistonda ikki oy yashadi. Undan bir haftaga yaqin vaqt davomida Toshkentda suratga olish ishlari bo‘lib o‘tdi, qolgan vaqt Xivada bo‘lishdi.

"Juda ko‘pchilik biz bilan ishlashni istadi. Ko‘p odamlar bizga yordam berdi. Ammo ayrimlar bizni tushunishmadi, qanday qilib bunchalik ko‘p ishlash mumkin deb o‘ylashdi, charchab, uylariga ketib qolishdi. Aytaylik, haydovchilar bilan bog‘liq bir voqea — ularni ishlagani chaqiramiz, bir necha soat davomida ular bilan hech kim gaplashmaydi, ular kuti-kutib, oxiri bizning keragimiz yo‘q ekan deb o‘ylab ketib qolishadi. Yoki tushlik vaqti bo‘lishi bilan ishni to‘xtatishadi. Armanistonda tug‘ilib-o‘sganim ish berdi, kavkazlik va sharqliklarning fe’l-atvorini bilaman. Og‘ir vaziyatlarda ham odamlar bilan til topisha oldim, ko‘p narsani hazilga burib yubordim", — deb kuladi Oganesan.

Kinorejissor doim kadr ortida bo‘lgani uchun uni ko‘chada hech kim tanimasligiga ko‘nikib qolgan. Ammo Vladimir Mashkov Xivada bemalol yura olmadi.

Syemki filma "Mednoe solnse"

"Vladimir Lvovichga hatto uning qahramoni, dirijor Korakinning mo‘ylovi ham yordam bermadi. Mo‘ylov qo‘yib olsa ham uni hamma — mahalliy aholi ham, sayyohlar ham tanib qolishdi. Rossiyalik sayyohlar u Toshkentdan ming chaqirim uzoqdagi shaharda nima qilib yurganini tushunmay hayron bo‘lishardi. Oxiri Mashkov o‘zbek tilida bir nechta gaplarni o‘rgandi va uni tanib qolganlarga o‘zbekchalab "meni kim bilandir adashtirapsiz" deb javob qaytarib yurdi", — kuladi Oganesan.

"Ob-havo bilan esa omadimiz keldi. Quyosh kerak edi va u doimo chiqib turdi. Ba’zida sovuq bo‘ldi, lekin chidasa bo‘ladigan darajada. Men O‘zbekiston yil bo‘yi shunchalar ko‘p, chiroyli, mazali narsalar yetishadigan ajoyib zamin ekanligini bilmagan ekanman. Tabiati meni hayratga soldi, men bunchalik chiroyli deb o‘ylamagandim. Tog‘lari, xalqi! Ba’zida men o‘zimni xuddi Armanistonda yurgandek, faqat odamlar boshqa tilda gapirishayotgandek his qildim", — deydi rejissor.
Kinorejissor tinch-osoyishta shahardan Moskvaga qaytgach, bir hafta o‘ziga kelolmaganini aytdi.
"Judayam og‘ir bo‘ldi — xuddi rosa ichkilik ichib, ertasiga boshim og‘rigandek his qildim o‘zimni. Tunlari esa tushimga suratga olish ishlari kirar, bir qahramonni o‘ldirishni unutganimiz yoki boshqa qahramonni o‘ldirib qo‘yganimiz yodimga tushib uyg‘onib ketardim. Hozir ancha o‘zimga keldim va O‘zbekistonda o‘tkazilgan ikki oyni hech qachon unutmayman", — dedi Karen Oganesan.