Bemorga qo‘pol munosabatda bo‘lgan vrach va hamshiralar ishdan bo‘shatildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Shadmanov tibbiyot xodimining asosiy vazifasi – aholi salomatligini yanada yaxshilash, oilalarga kirib borgan holda muloqot o‘rnatish va tibbiyot xizmatlarini ko‘ngildagidek ko‘rsatish ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Sputnik

TOShKENT, 5 fev – Sputnik. Toshkent shahrida  joylashgan 4-son klinik shifoxonasi bosh vrachi va yana bir necha xodimlari ishdan bo‘shatildi, deyilgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy xabarida.

Xabarda aytilishia ko‘ra, ushbu shifoxonaning travmatollogiya bo‘limida davolanayotgan bemordan tibbiyot xodimlari tomonidan unga va uning qarindoshlariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingani haqida shikoyat olingan. 

“Yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi hamda shifoxonada ma’naviy muhit buzilganligi, tibbiyot xodimlari o‘rtasida etika, deontologiya masalalari talabga javob bermaganligi uchun Toshkent shahar I.Irgashev nomli 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokori S.Alimov, shifoxonaning bosh hamshirasi Sh.Alimova, travmatologiya bo‘limi mudiri T.Tog‘ayev va travmatologiya bo‘limi hamshirasi M.Tolipovalar o‘z vazifalaridan ozod etildi”, — deyilgan muassasa rasmiy xabarida.

Ushbu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan Hay’at videoselektor yig‘ilishida vazir A. Shadmanov tibbiyot xodimining asosiy vazifasi – aholi salomatligini yanada yaxshilash, oilalarga kirib borgan holda muloqot o‘rnatish va tibbiyot xizmatlarini ko‘ngildagidek ko‘rsatish ekanligini yana bir bor ta’kidladi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, respublikada tibbiyo sohasida kelib tushayotgan shikoyatlarning 12,6 % aynan sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan bemor va uning qarindoshlariga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘layotgani haqida ekanligi aytib o‘tilgan.