Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat uchun to‘lanadigan pul badali miqdori kamaytirildi

Fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5-fevralidan boshlab, eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 3 million 444 ming 800 so‘m etib belgilandi
Sputnik

TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan Farmon bilan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat uchun to‘lanadigan pul badali miqdori o‘zgardi.

Muddatli harbiy xizmatga bahorgi chaqiriq boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur Farmonga asosan, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5-fevralidan boshlab, eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 3 million 444 ming 800 so‘m etib belgilandi.

Bungacha safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya’ni 4 736 600 so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning fevral-mart oylarida tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘tkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolar yaratib berilgan ushbu imkoniyatdan keng foydalangan holda yangidan belgilangan pul badali miqdori bo‘yicha shartnomalar imzolab, pul badallarini to‘lashlari mumkin.