MOQ prezidenti Andijon olimpiya zaxiralari kolleji faoliyatidan norozi bo‘ldi

Kollejga qabul qilish kvotalari, o‘quvchilar soni masalasida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan
Sputnik

TOShKENT, 3 fev – Sputnik. O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Andijon shahriga safari davomida Andijon olimpiya zaxiralari kollejida bo‘ldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Kollej faoliyatiga nisbatan MOQ rahbariyati tomonidan tanqidiy munosabat bildirildi.

Toshkent yuridik kolleji direktori qator ayblovlar bilan ishdan bo‘shatildi

"Kollejga qabul qilish kvotalari, o‘quvchilar soni masalasida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, xar yili sport maktabiga 100 nafar, kollejga 100 nafar o‘quvchi qabul qilinar ekan. Bu umumiy hisobda 200 nafar yosh sportchi degani. Ushbu 200 kishilik kvota 29 hil sport yo‘nalishiga taqsimlangan. Ajablanarlisi, voleybol uchun qabul qilish kvotasi uch nafarni tashkil qilar ekan. Uch nafar o‘quvchi bilan qanday qilib voleybolni rivojlantirishimiz mumkin?

Biz nima uchun jamoaviy sport turlarida oqsaymiz deb dod solamiz. Olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul shu tarzda bo‘ladigan bo‘lsa, mana shunday munosabatni ko‘radigan bo‘lsak qanday qilib sportning bu turini rivojlantiramiz? Birorta jamoaviy sport turida o‘quvchilar to‘liq jamoa shaklida qabul qilinmagan. Nafaqat voleybol, balki, basketbolda bitta guruhda uch nafar, gandbolda uch nafar, futbol olti yoki yetti nafar o‘quvchi bor. Vaholanki, futbolni bir jamoada 11 kishi o‘ynaydi", — dedi Umid Ahmadjonov.

Shu sababli, kollejga o‘qishga qabul qilish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi ta’kidlandi. Endi Olimpiya zaxiralari kollejlari Milliy olimpiya qo‘mitasi nazoratiga o‘tgach, bu jihatlarga albatta e’tibor qaratiladi.

Undan tashqari, kollejga kirib, ma’lum bir sport turida muvaffaqiyatga erisha olmayotgan o‘quvchilarni "Nima uchun kollejda majburan ushlab turishimiz kerak? Undan ko‘ra viloyatning eng iqtidorli sportchilari bu yerda tahsil olsa bo‘lmaydimi" degan fikrni o‘rtaga tashladi Umid Ahmadjonov.