Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillarini "begona" tadbirlarga jalb qilish taqiqlandi

Mirziyoyev imzolagan yangi Farmonda "Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilishi" haqida aytilgan
Sputnik

TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va "Oila" markazi vakillarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin, deyiladi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonda.

O‘zbekiston prezidenti ayollar to‘g‘risidagi Farmonga imzo chekdi
"Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin", — deb qo‘shimcha qilingan hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida Mirziyoyev Xotin-qizlar raisi Norboyevani tanqid qilganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda internet foydalanuvchilari qachonki xotin-qizlar qo‘mitasi faqat o‘zining ishi bilan shug‘ullansa, hammasi joyiga tushishi haqida fikrlarni bildirishgan edi.

"Ammo hokimlar ularga topshiriqlarni yuklagandan keyin, o‘sha ishni birinchi bajaradida. Paxta mavsumida ko‘ring, xasharchilarni ro‘yxatga olish, otradlarni shakllantirish, terimchilarni rag‘batlantirish, barcha ishlar shularning bo‘ynida. Kuni bo‘yi dalada yursa, qachon kimning xonadoniga kirib, qizlar bilan suhbat qiladi? Xotin-qizlar qo‘mitasining aniq belgilangan vazifasi bo‘lishi kerak, qishloq xo‘jaligi ishlarini o‘z egalariga topshirish kerak", — deb yozgan edi foydalanuvchilardan biri.