TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Fuqarolar va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida Toshkentda "maxsus patrul" guruhlari tashkil etildi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, maxsus guruhlar zamonaviy kiyim-kechak, maxsus anjom va texnika vositalar bilan ta’minlandi.
"Maxsus patrul" guruhlari tomonidan poytaxt fuqarolari hamda chet eldan kelgan mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, "Toshkent vokzali", "I.Karimov Xalqaro Aeroporti" va "Mustaqillik maydoni" obyektlarida xizmat olib borishlari yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, zamonaviy uyali telefon vositasiga yuklangan "Transleyter" dasturiy tizimi yordamida, mehmonlar bilan chet tillarda ovozli tarjima orqali muloqot qilish hamda "Navigator" dasturiy tizimidan foydalangan holda Toshkent shahrining turli manzillari va joylari yuzasidan elektron xarita orqali ma’lumotlar taqdim etib yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi.