Xalqaro ipakchilik komissiyasining 26-yig‘ilishi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

Xalqaro ipakchilik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi to‘g‘risidagi taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Xalqaro ipakchilik komissiyasining 26-yig‘ilishi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.

Xabarda aytilishicha, yaqinda Hindistonning Guvaxati shahrida Xalqaro ipakchilik komissiyasining 25-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Tadbirda "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi raisi B. Sharipov va "Bukhara Brilliant Silk" MChJ direktori B. Jo‘rayevlar ishtirok etganlar.

O‘zbekiston vakillari mamlakat ipakchilik ko‘hna tarixga ega ekanligi, bu borada ko‘p asrlik tajriba to‘plangani ta’kidlashgan.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan diyorda o‘zining atlas, adras, beqasam kabi matolari bilan shuhrat qozongani e’tirof etilgan.

O‘z navbatida, mamlakatda mazkur sohada amalga oshirilayotgan katta yangilanishlar, modernizatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

"Bunday islohotlarning sharofati bilan O‘zbekistonda yetishtirilayotgan ipakchilik mahsulotlarining dunyo bozoridagi sifati va raqobatbardoshligi ortmoqda, ayni paytda jabhada 500 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlanayapti", qo‘shimcha qilingan xabarda.

Yig‘ilishda hindistonlik R. Okxandiar mazkur komissiyaning bosh kotibi etib saylangan. Anjuman yakunida Xalqaro ipakchilik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi to‘g‘risidagi taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Xalqaro ipakchilik komissiyasiga 1960-yilda asos solingan bo‘lib, u BMTdan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. O‘tgan yil sentabr oyida O‘zbekiston mazkur nufuzli tashkilotning yigirmanchi a’zosiga aylangan.