Samarqand viloyati hokimi ukrainalik siyosatchi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Eksport-import amaliyotlarini kengaytirish, investitsion loyihalarni ko‘rib chiqish, turizmni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalardan foydalanish va mutaxassis-texnologlarni jalb etish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlarni amalga oshirish o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tashabbusi bilan Samarqand viloyati hokimi T. Jo‘rayev va Lvov viloyati davlat ma’muriyati raisi Oleg Sinyutkaning telefon orqali muloqoti tashkil etildi, deb xabar qildi "Jahon" axborot agentligi.

Turobjon Jo‘rayev rahbarlarga ularning javobgarligi haqida eslatdi
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari va yo‘llari muhokama qilindi. O. Sinyutka hududlararo aloqalarni rivojlantirishda hech qanday to‘siq yo‘qligini aytdi. Binobarin, u hamkasbi tomonidan shu yil may oyida Samarqand viloyatiga Lvov viloyatidagi ishbilarmon guruhlar va savdo palatasi a’zolari bilan tashrif buyurishga oid bildirilgan taklifni bajonidil qabul qildi.

Eksport-import amaliyotlarini kengaytirish, investitsion loyihalarni ko‘rib chiqish, turizmni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalardan foydalanish va mutaxassis-texnologlarni jalb etish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlarni amalga oshirish o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

O‘z navbatida Sinyutka Samarqand viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyani shu yil oktabr oyida G‘arbiy Ukraina poytaxtida bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqtisodiy forumda ishtirok etish uchun taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2004-yil 25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligi va Ukrainaning Lvov viloyati davlat ma’muriyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv imzolangandi.